Kuchga kirgan sana: 2026-yil 29-sentabr · Yangilangan: 2026-yil 21-oktabr (bepul darslar)
Bu hujjat — «MUDARRIS AKADEMIYA» MCHJ (STIR 309172175, manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Mirzo G'olib ko'chasi, 40A-uy; keyingi o'rinlarda "Ijrochi") ning "Oson arab tili" ilovasidagi pullik obunalar bo'yicha har qanday jismoniy shaxsga ("Foydalanuvchi") qaratilgan rasmiy taklifi. To'lovni amalga oshirish ofertani to'liq qabul qilish hisoblanadi (O'zR Fuqarolik kodeksi, 367–370-moddalar).
1. Xizmat
Ijrochi arab tilini o'rganish uchun ilovaga kirish beradi. Darslar va pullik imkoniyatlar — obuna bilan (obuna olingan kuni 3 ta dars, keyin kuniga 1 ta yangi dars; o'tilgan darslarni takrorlash cheklanmaydi):
| Tarif | Nima beradi | Muddat va narx |
|---|---|---|
| Plus | Barcha darslar, xatoning ovozli tahlili, talaffuz bahosi, statistika | 1 oy — 66 000 so'm · 3 oy — 139 000 so'm · 6 oy — 287 000 so'm |
| Premium | Plus + darslar uchun coin yig'ish va ularni Mudarris sovg'alariga almashtirish | 1 oy — 88 000 so'm · 3 oy — 199 000 so'm · 6 oy — 419 000 so'm |
Amaldagi narx va tarkib har doim ilovaning "Obuna" sahifasida ko'rsatiladi; farq bo'lsa, to'lov paytida ilovada ko'rsatilgan narx amal qiladi. Jadvaldagi narxlar Payme va Click orqali to'lov uchun; Google Play yoki App Store orqali olinadigan obuna narxi do'konning o'zida ko'rsatiladi va farq qilishi mumkin. Ilova ta'lim muassasasi emas: davlat namunasidagi hujjat (diplom, sertifikat) bermaydi.
2. To'lov va obuna muddati
- Telegram Mini App va saytda to'lov Payme yoki Click orqali, so'mda. Karta ma'lumotlarini Ijrochi ko'rmaydi va saqlamaydi.
- Obuna to'lov tasdiqlangan paytdan boshlanadi va tanlangan muddat (30, 90 yoki 180 kun) davom etadi. Faol obuna ustiga to'lansa — muddat qo'shiladi.
- Payme va Click to'lovlarida avtomatik yechib olish yo'q. Obuna muddati tugagach o'zi to'xtaydi; davom ettirish uchun Foydalanuvchi yana o'zi to'laydi.
- Muddat tugagach bepul imkoniyatlar va to'plangan progress saqlanib qoladi.
- Obuna hisobga bog'lanadi. Mehmon hisob (telefon raqam ham, Telegram ham ulanmagan) obuna ololmaydi — avval telefon raqam tasdiqlanadi yoki Telegram ulanadi, shunda obuna boshqa qurilmada ham tiklanadi.
Google Play yoki App Store orqali olingan obuna. Android/iOS ilovasida obuna do'kon orqali sotilishi mumkin. Bunday obuna uchun pulni do'kon (Google yoki Apple) yechadi va u do'kon qoidasi bo'yicha avtomatik uzayadi — bekor qilinmaguncha. Bekor qilish — do'kon sozlamalarida (Google Play → Obunalar yoki iPhone → Sozlamalar → Obunalar); ilovani yoki hisobni o'chirish obunani to'xtatmaydi. Bitta do'kon obunasi bitta hisobga bog'lanadi. Do'kon obunani bekor qilsa yoki pulni qaytarsa, ilovadagi obuna ham shu paytdan to'xtaydi.
3. Pulni qaytarish
Pul faqat texnik nosozlik holatida qaytariladi:
- to'lov yechildi, lekin obuna faollashmadi va Ijrochi buni 3 ish kunida tuzata olmadi;
- bir to'lov uchun pul ikki marta yechildi;
- pullik imkoniyat Ijrochi aybi bilan ketma-ket 3 kundan ortiq ishlamadi — ishlamagan kunlar uchun mutanosib qaytariladi yoki obuna shuncha kunga uzaytiriladi (Foydalanuvchi tanlaydi).
Boshqa hollarda (fikrdan qaytish, ilovadan foydalanmaslik, hisobni o'zi o'chirish) to'langan obuna uchun pul qaytarilmaydi — obuna muddat oxirigacha ishlayveradi (hisob o'chirilgan bo'lsa, obuna hisob bilan birga tugaydi). Murojaat: mudarrisarabtiliakademiyasi@gmail.com yoki @osonarabtiliuzbot, to'lov vaqti va summasi bilan. Javob — 10 ish kuni ichida; qaytarish to'lov qilingan usul orqali.
To'lov tizimi to'lovni bekor qilsa, shu to'lov bergan obuna ham bekor bo'ladi.
Google Play yoki App Store orqali to'langan obuna bo'yicha pulni qaytarish so'rovi shu do'konga beriladi va do'kon qoidasi bo'yicha hal qilinadi — Ijrochi bu to'lovni o'zi qaytara olmaydi. Texnik nosozlik bo'lsa, Ijrochi obunani uzaytirib beradi yoki do'konga murojaat qilishda yordam beradi.
4. Foydalanish qoidalari
Foydalanuvchi: hisobni boshqaga sotmaydi va ijaraga bermaydi; XP, reyting yoki coinlarni skript va soxta so'rovlar bilan ko'paytirmaydi; ilova ishiga xalaqit bermaydi. Qoida buzilsa, Ijrochi soxta natijalarni bekor qilishi, qo'pol holatda esa hisobni bloklashi mumkin.
Mudarris Shop sovg'alari — rag'batlantirish; pulga almashtirilmaydi, mavjudligi va shartlari ilovada ko'rsatiladi.
5. Javobgarlik
Ilova "boricha" taqdim etiladi: Ijrochi aniq bir til darajasiga yetishni kafolatlamaydi. Ijrochi uchinchi tomon xizmatlari (Telegram, to'lov tizimlari, ilova do'konlari, aloqa va SMS operatorlari) nosozligi uchun javob bermaydi, lekin 3-banddagi qaytarish qoidalari saqlanadi. Ijrochining javobgarligi Foydalanuvchi oxirgi to'lagan obuna summasi bilan cheklanadi.
6. Shaxsiy ma'lumotlar
"Maxfiylik siyosati" ga muvofiq qayta ishlanadi. Ofertani qabul qilish — shu siyosat bilan tanishganlikni bildiradi.
7. O'zgartirish va nizolar
Ijrochi ofertani o'zgartirishi mumkin; yangi tahrir shu sahifada e'lon qilingan kundan amal qiladi va to'langan obunalar shartini yomonlashtirmaydi. Nizolar avval muzokara yo'li bilan, kelishilmasa — O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo'yicha sudda hal qilinadi.
8. Ijrochi rekvizitlari
«MUDARRIS AKADEMIYA» MCHJ · STIR 309172175 · Toshkent shahri, Olmazor tumani, Mirzo G'olib ko'chasi, 40A-uy · mudarrisarabtiliakademiyasi@gmail.com